[:uz]2020 yil 1 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi o‘rtasida 2020-2022 yillar davomida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida transport va yo‘l xo‘jaligi sohalarida amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi taqdiqlandi. Unda transport sohasidagi 8 ta yirik loyiha bo‘yicha asosiy ma’lumotlar keltirilgan. Ularning ayrimlari haqida ma’lumotlar taqdim etamiz.

 

“Toshkent—Andijon yo‘lini qurish va ekspluatatsiya qilish” loyihasi. Xozirda Transport vazirligi va DXSh Agentligi tomonidan Jahon banki ko‘magida ushbu loyiha bo‘yicha izlanish ishlari olib borilmoqda. Loyihani DXSh asosida amalga oshirish maqsadga muvofiqligidan kelib chiqib, 2021 yil II choragida tender e’lon qilinishi va 2022 yil II choragida tender g‘olibi aniqlanishi ko‘zda tutilgan (tahminiy qurilish davri 24 oy). Loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari natijalari Jahon banki tomonidan taqdim etilishi kutilmoqda.

“Toshkent — Samarqand yo‘lini qurish va ekspluatatsiya qilish” loyihasi. Transport vazirligi va DXSh Agentligi tomonidan Evropa taraqqiyot va tiklanish banki ko‘magida loyiha bo‘yicha dastlabki texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarni ishlab chiqish maqsadida xalqaro konsultantlar tanlandi. Mazkur ishlar 2020 yilning so‘ngiga qadar yakunlanishi, tender savdolari 2021 yilning boshida boshlanib, iyul oyida yakunlanishi ko‘zda tutilgan (tahminiy qurilish davri 24 oy).

“Aviatsiya sohasida O‘zbekistondagi aeroportlarni modernizatsiya qilish” loyihalari. Jahon banki O‘zbekistondagi hududiy aeroportlarini DXSh mexanizmi orqali modernizatsiya qilish bo‘yicha o‘rganishlar olib bordi. Bu ishlar uchun Xalqaro infratuzilma fondi (GIF)ning 350 ming AQSh dollari miqdorida grant ajratildi. Hozirda Jahon banki tomonidan izlanishlar olib boradigan konsultantlar tanlanmoqda. Konsultantlar 2020 yil oxiriga qadar jalb etilishi va ular tomonidan izlanish ishlari tugatilib, takliflar taqdim etishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda avtomobil yo‘llarini rivojlantirish Strategiyasi” va Jahon banki bilan “Transport sohasi master rejasi” ishlab chiqilmoqda.[:]