Manba: O‘RQ–775-son, 06.06.2022-y.

“Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunnng (O‘RQ–775-son Qonun, 06.06.2022-y.) mazmun-mohiyatini yoritishga qaratilgan ANNOTATSIYA

Qabul qilingan Qonun bilan amaldagi 20 dan ziyod qonun, jumladan 4 ta kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Yer kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, hokimliklarning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berish bo‘yicha ochiq elektron tanlov yakunlarini tasdiqlash vakolati chiqarib tashlandi.

Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatiga olinganligi to‘g‘risida Ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reestridan elektron ko‘chirma beriladi (ilgari guvohnoma).

Shuningdek, yer uchastkasidan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanilganida Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi organlari yer egasini yoki yerdan foydalanuvchini oldindan xabardor qilgandan keyin yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni bekor qilish haqida sudga da’vo arizasi kiritishi belgilandi.

Bo‘sh turgan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari fermer xo‘jaligini yuritish uchun ochiq elektron tanlov orqali beriladi (ilgari ochiq tanlov asosida).

Dehqon xo‘jaligini yuritish uchun fuqarolarga yer uchastkalarini berish tartibi fuqarolarga yakka tartibdagi bog‘dorchilik, polizchilik va chorvachilik uchun yer uchastkalarini ajratishga nisbatan ham tatbiq etiladi.

“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarning va o‘z tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxs bor oilalarning elektron onlayn-auksionlar vositasida yer uchastkalarini sotib olish bilan bog‘liq xarajatlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda qoplanadi.

“Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ovchilik va baliq ovlash xo‘jaligini yuritish uchun yuridik va jismoniy shaxslarga yer uchastkalari yoki suv obyektlari qonunda belgilangan tartibda berilishi mumkin.

Asos: O‘RQ–775-son Qonun, 06.06.2022-y.

Matn o'lchami