2019-2021 yillar va 2022 yil I yarim yilligida amalga oshirilgan davlat-xususiy sheriklik loyihalari yuzasidan 2022 yil 1 iyul holatiga ko‘ra hisobot

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan respublikaning mas’ul vazirlik va idoralar bilan bigalikda 2019-2021 yillar va 2022 yil I yarim yilligi davomida umumiy qiymati 3,94 mlrd.dollardan ortiq bo‘lgan jami 355 ta davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihalari bo‘yicha ishlar olib borildi.

Jumladan, energetika sohasida 8 ta, kommunal xizmatlar sohasida 3 ta, sog‘liqni saqlash sohasida 47 ta, suv xo‘jaligi sohasida 132 ta, ekologiya sohasida 62 ta, ta’lim sohasida 61 ta, hunarmandchilik sanoati sohasida 13 ta, madaniyat sohasida 22 ta, axborot texnologiyalari va bandlik va mehnat munosabatlari sohalarida 2 tadan, hamda transport, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish va huquqni muhofaza qilish sohalarida 1 tadan loyihalarni tashkil etadi.

Shundan:

  • DXSh to‘g‘risidagi bitim imzolangan loyihalar soni – 291 ta;
  • DXSh to‘g‘risidagi bitimi imzolanish arafasida bo‘lgan loyihalar soni – 25 ta;
  • Tender bosqichida bo‘lgan loyihalar soni – 39 tani tashkil etadi.

 Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” gi PF-60-son Farmoni 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Davlat dasturining 105-bandiga muvofiq, davlat-xususiy sheriklik asosida energetika, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ekologiya, kommunal xizmatlar, suv xo‘jaligi va boshqa sohalarga qiymati qariyb 14 mlrd.dollardan iborat bo‘lgan 154 ta davlat-xususiy sheriklik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Jumladan:

  • Energetika sohasida 11 ta;
  • Transport sohasida 5 ta;
  • Kommunal xizmatlar sohasida 3 ta;
  • Sog‘liqni saqlash sohasida 3 ta;
  • Ta’lim sohasida 6 ta;
  • Ekologiya sohasida 33 ta;
  • Suv ho‘jaligi sohasida 33 ta;
  • Boshqa ijtimoiy sohalarda 60 tani tashkil etadi.

 

Mazkur davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihalarini sohalar kesimida tahlil qilinganda quyidagilar ma’lum bo‘ldi. Jumladan:

Energetika sohasi:

2020-2022 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida energetika sohasida 8 ta loyihalar bo‘yicha ishlar tashkil etilgan bo‘lib, shundan 1 ta loyiha bo‘yicha bitim imzolangan:

  1. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamkorligida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida 100 MVt shamol elektr stansiyasini qurish loyihasi bo‘yicha 2021 yil 17 dekabr kuni loyiha bo‘yicha tender g‘olibi deb topilgan Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan Elektr energiyani sotib olish to‘g‘risidagi hamda Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi bitimlar imzolangan. Loyihaning qiymati – 108 million AQSh dollarini va muddati 25 yilni, 1 kVt elektr tarifi – 2,56 sent doll. ni tashkil etadi.
  2. Energetika sohasida 2 ta DXSh loyihasi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borilmoqda va bitim imzolanish arafasida. Bular:
  • «Navoiyazot» AJ negizida Davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan kimyo-texnologik klasteri uchun issiqlik va quyosh elektr stansiyalarini barpo etish loyihasi bo‘yicha xususiy sherik sifatida “Electricite de France S.A.” (Fransiya), “Stone city InSolar B.V” (Niderlandiya) va “Siemens energy global GmbH&Co.KG” (Germaniya) kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazilmoqda va loyiha bo‘yicha maslahatchilarni jalb qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
  • Toshkent shahar issiqlik markazlarini kogeneratsion texnologiyalarini joriy etish orqali Davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish loyihasi bo‘yicha Niderlandiyaning “Stone city energy II B.V.” kompaniyasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borilmoqda va “Stone city energy II B.V.” kompaniyasi tomonidan loyiha konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda.
  1. 2022-2026 yillar davomida energetika sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 5 ta loyiha bo‘yicha tender savdolari davom etmoqda. Bular:
  • Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikdagi Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida 300 MVt quvvatga ega quyosh foto elektr stansiyasini qurish loyihasi bo‘yicha tenderning (talablarga muvofiqlik so‘rovi – RFQ) birinchi bosqichi yakunlandi va kelib tushgan 12 ta arizadan 8 tasi minimal shartlarga javob berganligi va ular tenderning 2-bosqichiga o‘tganligi e’lon qilindi. Hozirda tenderning 2-bosqichi boshlanishi kutilmoqda (loyihaning dastlabki qiymati – 210 mln AQSh dollari; loyiha muddati – 25 yil);
  • Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikdagi Buxoro viloyati Olot tumanida 250 MVt quvvatga ega quyosh foto elektr stansiyasini qurish loyihasi bo‘yicha tenderning (talablarga muvofiqlik so‘rovi – RFQ) birinchi bosqichi yakunlandi va 11 ta kompaniyalar minimal shartlarga javob berganligi va ular tenderning 2-bosqichiga o‘tganligi e’lon qilindi. Hozirda tenderning 2-bosqichi boshlanishi kutilmoqda (loyihaning dastlabki qiymati – 213 mln AQSh dollari; loyiha muddati – 25 yil);
  • Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikdagi Xorazm viloyati Xozarasp tumanida 100 MVt quvvatga ega quyosh foto elektr stansiyasini qurish loyihasi bo‘yicha tenderning (talablarga muvofiqlik so‘rovi – RFQ) birinchi bosqichi yakunlandi va 11 ta kompaniyalar minimal shartlarga javob berganligi va ular tenderning 2-bosqichiga o‘tganligi e’lon qilindi. Hozirda tenderning 2-bosqichi boshlanishi kutilmoqda (loyihaning dastlabki qiymati – 61 mln AQSh dollari; loyiha muddati – 25 yil);
  • Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikdagi Namangan viloyati Pop tumanida 150 MVt quvvatga ega quyosh foto elektr stansiyasini qurish loyihasi bo‘yicha tenderning (talablarga muvofiqlik so‘rovi – RFQ) birinchi bosqichi yakunlandi va 11 ta kompaniyalar minimal shartlarga javob berganligi va ular tenderning 2-bosqichiga o‘tganligi e’lon qilindi. Hozirda tenderning 2-bosqichi boshlanishi kutilmoqda (loyihaning dastlabki qiymati – 92 mln AQSh dollari; loyiha muddati – 25 yil);
  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikdagi Qoraqalpog‘iston Respublikasida 200 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish loyihasi bo‘yicha tenderning (talablarga muvofiqlik so‘rovi – RFQ) birinchi bosqichi 2022 yil 1 aprelda e’lon qilingan va 2022 yil 15 iyulda yakunlanadi. (loyihaning dastlabki qiymati – 218 mln AQSh dollari; loyiha muddati – 25 yil).

Shuningdek, 2022-2026 yillar davomida energetika sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 5 ta loyiha bo‘yicha hujjatlar tayyorlash va o‘rganish ishlari davom etmoqda. Bular:

  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 700 Mvt Shamol elektr stansiyasini qurish (EBRD Wind III) (loyihaning dastlabki qiymati – 700 mln AQSh dollari; loyiha muddati – 25 yil);
  • Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Farg‘ona viloyatida 100 MVt Quyosh fotoelektr stansiyasini qurish (ADB Solar 3) (loyihaning dastlabki qiymati – 100 mln AQSh dollari; loyiha muddati – 25 yil);
  • Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida 150 MVt Quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish (ADB Solar 4) (loyihaning dastlabki qiymati – 150 mln AQSh dollari; loyiha muddati – 25 yil);
  • Hududlarda “Toyota Tsusho” Corp. bilan hamkorlikda 500 MVt shamol elektr stansiyasini qurish  (240-720 saqlash batareyalari bilan) (loyihaning dastlabki qiymati – 550 mln AQSh dollari);
  • Gidroelektrstansiyalarni DXSh shartlari asosida tashkil qilish va boshqarish loyihalaridir.

Transport sohasi:

Transport sohasida 2019 – 2021 yil davomida 5 ta yirik davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilgan bo‘lib, shundan 1 ta loyiha bo‘yicha DXSh bitimi imzolangan:

  • Samarqand xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish loyihasi bo‘yicha 2021 yil 23 sentabr kuni “Air Marakanda” komnaniyasi bilan DXSh to‘g‘risidagi bitim imzolandi (loyiha qiymati – 82,8 mln AQSh dollari; loyiha muddati – 20 yil).

Shuningdek, 2022-2026 yillar davomida transport sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 5 ta loyihalar bo‘yicha hujjatlar tayyorlash va o‘rganish ishlari davom etmoqda:

  • Jahon banki maslahat ko‘magida amalga oshirilayotgan Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasi bo‘yicha Yakuniy Texnik iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish uchun konsalting kompaniyani jalb qilish ishlari davom etmoqda (loyihaning dastlabki qiymati – 2,831 mlrd AQSh dollari; loyiha muddati – 25 yil);
  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki maslahat ko‘magida amalga oshirilayotgan Toshkent-Samarqand pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasi bo‘yicha Yakuniy Texnik iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish uchun konsalting kompaniyani jalb qilish ishlari davom etmoqda (loyihaning dastlabki qiymati – 1,37 mlrd AQSh dollari; loyiha muddati – 25 yil);
  • Samarqand va Shahrisabz shaharlari orasida 66 kmlik avtomobil yo‘li va Tahtaqoracha dovonida 4,4 kmlik tunnel qurish loyihasi uchun maslahat xizmatini ko‘rsatuvchi kompaniyani jalb qilish ishlari davom etmoqda (loyihaning dastlabki qiymati – 484 mln AQSh dollari; loyiha muddati –  25 yil);
  • Toshkent shahar va hududiy xalqaro aeroportlarni modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish loyihalari bo‘yicha Jahon banki guruhi tomonidan o‘rganish ishlari davom etmoqda (loyihaning dastlabki qiymati – 3,814 mlrd AQSh dollari; loyiha muddati –  25 yil);
  • Buxoro va Urganch xalqaro aeroportlarni modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish loyihasi bo‘yicha Toyota Tsusho tomonidan o‘rganish ishlari davom etmoqda (loyihaning dastlabki qiymati – 200 mln AQSh dollari; loyiha muddati –  25 yil).

Kommunal xizmatlar sohasi:

  1. Kommunal xizmatlar sohasida 2019 – 2021 yillar davomida 3 ta DXSh loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilgan va quyidagi 2 ta loyiha bo‘yicha DXSh bitimi imzolangan:
  • Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida Toshkent shahri issiqlik ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish DXSh loyihasi bo‘yicha xususiy tashabbuskor – Fransiyaning “Veolia” kompaniyasi bilan muzokaralar olib borildi. “Veolia” kompaniyasi g‘olib etib tayinlandi hamda DXSh bitimi 30.09.2021 da imzolandi (loyihaning dastlabki qiymati – 1,4 mlrd yevro; loyiha muddati – 30 yil).
  • 2022-2026 yillar davomida kommunal xizmatlar ko‘rsatish sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan Namangan shahar kanalizatsiya tozalash inshootini modernizatsiya qilish DXSh loyihasi bo‘yicha tenderi g‘olibi aniqlangan va 2022 yil 24 fevral kuni tender g‘olibi bo‘lgan Metito kompaniyasi bilan DXSh bitimi imzolandi (loyihaning dastlabki qiymati – 90 mln AQSh dollari; loyiha muddati – 25 yil).
  • Andijon viloyati Bo‘ston tumani ijtimoiy soha ob’ektlarining isitish tizimini modernizatsiya qilish loyihasi (loyihaning qiymati – 0.6 mln AQSh dollari; loyiha muddati – 10 yil).
  1. Shuningdek, 2022-2026 yillar davomida kommunal xizmatlar ko‘rsatish sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 2 ta loyihalar bo‘yicha hujjatlar tayyorlash va o‘rganish ishlari davom etmoqda:
  • Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida Toshkent shahar oqova tozalash inshootini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish loyihasi bo‘yicha maslahat xizmatini ko‘rsatish bitimi loyihasi ishlab chiqildi. Maslahat xizmatini ko‘rsatish bitimini 2022 yil 20 may kunida Xalqaro DXSh davra suhbati doirasida  imzolandi va hozirgi kunda Osiyo taraqqiyot banki tomonidan Asia Pacific Project Preparation Facility – AP3F” (Osiyo-tinch okeani loyihalarini tayyorlash jamg‘armasi) mablag‘larini jalb qilish orqali maslahatchilarni jalb qilish kutilmoqda (loyihaning dastlabki qiymati – 234 mln AQSh dollari);
  • Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida Buxoro viloyati issiqlik ta’minoti tiziminim davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida modernizatsiya qilish loyihasi bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilib, Osiyo taraqqiyot banki tomonidan xulosa va takliflar berildi (loyihaning dastlabki qiymati – 450 mln AQSh dollari).

 Sog‘liqni saqlash sohasi:

  1. Sog‘liqni saqlash sohasida 2019 – 2022 yillar davomida 47 ta DXSh loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilgan va jami qiymati 44,22 mln.AQSh dollari bo‘lgan 34 ta loyiha bo‘yicha DXSh bitimi imzolangan.

Shuningdek, qiymati 2 mln. AQSh dollari bo‘lgan 1 ta DXSh loyihasi bo‘yicha tender bosqichlari yakunlanib, DXSh bitimi imzolanishi arafasida.

Bundan tashqari, umumiy qiymati 29,77 mln AQSh dollari miqdoridagi 2 ta davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha tender jarayonlari davom etmoqda. 

  1. 2022-2026 yillar davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 3 ta yirik loyihalar bo‘yicha tegishli hujjatlar tayyorlash va o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Jumladan:
  • Xalqaro moliya korporatsiyasining maslahat ko‘magida Farg‘ona, Toshkent, Samarqand va Xorazm viloyatlarida Nurli (Radio) terapiya tibbiyot markazini tashkil etish loyihasining konsepsiyasi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi va tender hujjatlari ishlab chiqilib, tenderning 1-bosqichi davom etmoqda (loyihaning dastlabki qiymati – 24,7 mln AQSh dollari; loyiha muddati – 12 yil);
  • Xalqaro moliya korporatsiyasining maslahat ko‘magida Farg‘ona viloyatida ko‘p tarmokli shifoxona tashkil etish loyihasi bo‘yicha Jahon bankining “Institutsional salohiyatni oshirish” kredit liniyasi hisobidan yuridik va texnik maslahatchilar jalb qilindi va hozirda loyiha konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda (loyihaning dastlabki qiymati – 82 mln AQSh dollari; loyiha muddati – 22 yil);
  • Osiyo taraqqiyot bankining maslahat ko‘magida Andijon va Buxoro viloyatlarida poliklinika va tibbiyot markazlarini tashkil etish loyihasi bo‘yicha maslahat xizmatini ko‘rsatish bitimini 2022 yil 20 may kunida Xalqaro DXSh davra suhbati doirasida  imzolandi. Bugungi kunda loyihani amalga oshirishda maslahatchilarni jalb qilish uchun “Asia Pacific Project Preparation Facility – AP3F” (Osiyo-tinch okeani loyihalarini tayyorlash jamg‘armasi) tomonidan 2,5 mln. AQSh dollarida grant mablag‘lari ajratilishi yuzasidan muzokoralar olib borilmoqda (loyihaning dastlabki qiymati – 50 mln AQSh dollari; loyiha muddati – 22 yil).

Ta’lim sohasi:

  1. 2019-2022 yillarda umumiy qiymati 61,69 mln AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan jami 61 ta davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha ishlar olib borildi.

Mazkur sohada jami 46 ta umumiy qiymati 37,9 mln AQSh dollari miqdoridagi DXSh to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi.

Shuningdek, umumiy qiymati 15,85 mln AQSh dollari miqdoridagi 12 ta davlat-xususiy sheriklik loyihalarining tender jarayonlari yakunlanib, tender g‘oliblari bilan DXSh bitimlari rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, umumiy qiymati 7,9 mln AQSh dollari miqdoridagi jami bo‘lib 3 ta davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha tender jarayonlari davom etmoqda.

  1. Shuningdek, 2022-2026 yillar davomida ta’lim sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 6 ta yirik loyihalar bo‘yicha hujjatlar tayyorlash va o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Jumladan:
  • Osiyo taraqqiyot bankining maslahat ko‘magi bilan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 13 ta umumta’lim maktablarini DXSh asosida qurish loyihasi konsepsiyasi va texnik-iqtisodiy asoslash hujjati ishlab chiqilmoqda (loyihaning dastlabki qiymati – 80 mln AQSh dollari; loyiha muddati – 30 yil);
  • Xalqaro moliya korporatsiyasining maslahat ko‘magi yordamida Respublikada DXSh asosida 15 ta umumta’lim maktablarini barpo etish loyihasi uchun Andijon va Samarqand viloyatlarida hududlarni tanlash ishlari davom etmoqda (loyihaning dastlabki qiymati – 50 mln AQSh dollari; loyiha muddati – 30 yil);
  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining maslahat ko‘magi yordamida Respublikada DXSh asosida 15 tagacha umumta’lim maktablarini barpo etish loyihasi bo‘yicha maslahat ko‘magi bitimini tayyorlash ishlari olib borilmoqda (loyihaning dastlabki qiymati – 50 mln AQSh dollari; loyiha muddati – 30 yil);
  • “Synergy” kompaniyasi ko‘magida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida DXSh asosida 15 ta umumta’lim maktablarini tashkil etish loyihasi bo‘yicha maslahat ko‘magi bitimini tayyorlash ishlari olib borilmoqda (loyihaning dastlabki qiymati – 50 mln AQSh dollari; loyiha muddati – 30 yil);
  • Osiyo taraqqiyot banki maslahat ko‘magi bilan Respublikada DXSh asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini (bog‘chalar) qurish, rekonstruksiya qilish loyihasi bo‘yicha maslahat ko‘magi bitimini tayyorlandi va Osiyo taraqqiyot banki 2022 yil 29 iyunda Maktabgacha ta’lim vazirligiga bitim loyihasi 2 haftada  tasdiqlanishi va iyul oyida imzolanishini bildirib xat yuborgan (loyihaning dastlabki qiymati – 50 mln AQSh dollari; loyiha muddati – 25 yil);
  • DXSh asosida oliy ta’lim muassasalari uchun talabalar turar joylarini tashkil etish loyihasi bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan maslahat ko‘magi bitimini tayyorlangan va imzolash maqsadida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan iasdiqlash ishlari olib borilmoqda (loyihaning dastlabki qiymati – 150 mln AQSh dollari; loyiha muddati – 30 yil).

Ekologiya sohasi:

  1. 2019-2022 yillarda jami 62 ta davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihalari bo‘yicha, ya’ni umumiy qiymati 103,2 mln.dollardan ortiq bo‘lgan loyihalar ustida ishlar olib borildi.

Jumladan:

Sohada jami 38 ta qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash, olib chiqish, saralash va qayta ishlash klaster xizmatlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida DXSh to‘g‘risidagi bitimlar imzolangan bo‘lib, ishlar boshlab yuborilgan.

Shuningdek, umumiy qiymati 5,2 mln AQSh dollari miqdoridagi 5 ta davlat-xususiy sheriklik loyihalarining tender jarayonlari yakunlanib, tender g‘oliblari bilan DXSh bitimlari rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3 ta, Farg‘ona viloyatida 1 ta, Jizzaxda 3 ta, Sirdaryoda 1 ta, Surxondaryoda 2 ta va Qashqadaryo viloyatlarida 11 ta, jami bo‘lib 19 ta umumiy qiymati 24,9 mln AQSh dollari miqdoridagi davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha tender jarayonlari davom etmoqda.

  1. Bundan tashqari, 2022-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarida qattiq maishiy chikindilarni to‘plash, olib chiqish, saralash va qayta ishlash klaster xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha jami 38,4 mln.dollar miqdordagi 32 ta loyihalarni
    davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirish rejalashtirilgan va ular bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
  2. Shuningdek, 2021 yilning 29-30 sentabr kunlari “Iqtisodiy islohotlar sarhisobi va istiqboli” mavzusida o‘tkazilgan O‘zbekiston iqtisodiy forumi davomida davlat-xususiy sheriklik asosida umumiy qiymati 300 mln.dollar bo‘lgan Toshkent shahar va Toshkent viloyatida maishiy chiqindilarni to‘plash, olib chiqish, saralash va qayta ishlash klaster xizmatlarini tashkil etish loyihasini Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida amalga oshirish uchun Memorandum imzolandi. Bugungi kunda loyiha hujjatlarini tayyorlash ishlari davom etmoqda.
  3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning siyosiy partiyalar vakillari bilan 2021 yil 2 fevralda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Ekologik partiyasining chora-tadbirlar rejasining
    17-bandida tibbiyot chiqindilari bilan ishlashni davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirishni joriy etish belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” gi PF-60-son Farmoni 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Davlat dasturining 292-bandida Tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish tizimini yaratish, 80 ta maxsus texnika, 20 ta zararsizlantirish uskunasi (avtoklav), 40 ta utilizatsiya qilish uskunasi (insinirator) va 60 ta tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish uchastkalarini qurish bo‘yicha 2022 yil oktabr oyiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi kiritish topshirig‘i berilgan.

Bunda, ushbu tadbirlar uchun talab etiladigan mablag‘larni moliyalashtirish manbasi etib davlat budjeti, grant va boshqa mablag‘lar hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.

Ushbu topshiriqlarning ijrosini ta’minlash maqsadida, Davlat ekologiya qo‘mitasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot chiqindilarini to‘plash, tashish, saqlash, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish, yoqish va ko‘mish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish tartibini belgilash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan birgalikda Prezident Qarori loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Suv xo‘jaligi sohasi:

2019 – 2022 yil davomida suv xo‘jaligi sohasida 132 ta DXSh loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi hamda bugungi kun holatiga umumiy qiymati 29,33 mln. AQSh dollari bo‘lgan 105 ta loyiha bo‘yicha DXSh bitimi imzolangan.

2022-2026 yillar davomida suv xo‘jaligi sohasida Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi nasos stansiyalarini muqobil energiyasi bilan ishlatish loyixasini Germaniyaning «Mikara» kompaniyasi bilan amalga oshirish va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi nasos stansiyalarini muqobil energiyasi bilan ishlatish loyixasini BAA ning «Alcazar» kompaniyasi bilan amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro muzokaralar olib borilmoqda.

Madaniyat sohasi:

2019 – 2022 yil davomida ta’lim sohasida umumiy qiymati 7,37 mln. AQSh dollari bo‘lgan 20 ta DXSh loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi va ushbu loyihalar bo‘yicha 17 ta DXSh bitimi imzolandi.

Shuningdek, madaniyat sohasida umumiy qiymati 1,90 mln. AQSh dollari bo‘lgan 3 ta DXSh loyihasi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda va bitim imzolanishi arafasida.

Hunarmandchilik sanoati sohasi:

2021 yil davomida sanoat sohasida umumiy qiymati 0,54 mln AQSh dollari bo‘lgan sohasida 13 ta DXSh loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi va ushbu loyihalar bo‘yicha DXSh bitimi imzolandi.

Bandlik va mexnat munosabatlari sohasi:

Mazkur sohada umumiy qiymati 0,31 mln. AQSh dollari bo‘lgan 2 ta DXSh loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilib, ushbu loyihalar bo‘yicha DXSh  bitimi  imzolangan.

Soliq sohasi:

2019 yilda «CPRT TURON» MChJ tomonidan tashabbus qilingan alkagol va tamaki mahsulotlari uchun markirovkalarni monitoring qilish va mahsulotni kuzatish bo‘yicha milliy axborot tizimini yaratish, ekspluatatsiya qilish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha DXSh loyihasining bitimi imzolangan (loyihaning dastlabki qiymati – 5 mln. AQSh dollari).

Axborot texnologiyalari sohasi:

2022 yilda «Defen Financial» MChJ tomonidan tashabbus qilingan Ishonchli Hamkor avtomatlashtirilgan informatsion tizimni DXSh asosida ishlab chiqish va amalga oshirish loyihasi bo‘yicha DXSh loyihasining bitimi imzolangan.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish sohasida 2021 yilda «Xorazm baliq sanoat agro» MChJ tomonidan tashabbus qilingan Toshkent viloyati Yangi yo‘l tumanidagi Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutda nasilchilikni rivojlantirish kompleksini tashkil etish DXSh loyihasi bo‘yicha DXSh bitimi imzolangan (loyihaning dastlabki qiymati – 5 mln. AQSh dollari).

Huquqni muhofaza qilish sohasida Navoiy viloyati prokuraturasi faoliyatini rivojlantirsh uchun infratuzilma ob’ektlarini DXSh shartlari asosida qurish loyihasi  bo‘yicha DXSh bitimi imzolangan (loyiha qiymati – 3 mln. AQSh dollari; loyiha muddati – 3 yil).

You may also like...

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan