[:uz]Tadbirda Moliya vazirligi, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Maktabgacha ta’lim, Sog‘liqni saqlash va Qurilish vazirliklarining vazir o‘rinbosarlari va tegishli mutaxassislari, shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, “Delphos” va “Synergy” xalqaro kompaniyalari vakillari hamda yurtimizdagi salohiyatli investor va pudratchi tashkilot vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda dastlab, DXSh loyihalari haqida ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, 2019-2022 yil aprel holatiga ko‘ra, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan bigalikda jami 293 ta davlat-xususiy sheriklik (DXSh) ya’ni umumiy qiymati qariyb 2,7 mlrd. AQSh dollari bo‘lgan loyihalar bo‘yicha ishlar olib borildi.

Shuningdek, seminarda 2022-2024 yillarda xalqaro tashkilotlar ko‘magida ijtimoiy sohalarda amalga oshiriladigan yirik DXSh loyihalari muhokama etildi. Xususan, Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida 16 ta umumta’lim maktablarini qurish va ekspluatatsiya qilish loyihasi haqida ma’lumot berildi. Ayni kunda Respublikada 10 130 ta umumta’lim maktablar mavjud bo‘lib, maktablarning quvvati 5,2 mln. nafar o‘quvchini tashkil etsada, maktablarda 6,3 mln nafar yoki amaldagi quvvatga  nisbatan 1,1 mln nafarga ya’ni 21,2 foizga ko‘p o‘quvchi bolalar ta’lim olmoqda. Respublikada aholining demografik o‘sishi natijasida kelgusi 5 yilda maktablarning qo‘shimcha quvvati 1,4 mln nafar o‘quvchilarni tashkil etadi. 1,4 mln nafar o‘quvchilarni maktablar bilan ta’minlash uchun qo‘shimcha 823 ta umumta’lim maktablari qurish talab etiladi. (har bir maktab uchun o‘rtacha – 1700 o‘rin). Toshkent shahri va Toshkent viloyatida aholining demografik o‘sishi natijasida kelgusi 5 yil davomida vujudga keladigan 220 ming o‘quvchi o‘ringa qo‘shimcha 130 ta umumta’lim maktablar qurish talab etiladi.

Shulardan kelib, 2022-2024 yillarda xalqaro moliya tashkilotlari ko‘magida DXSh asosida 103 ta maktab qurish rejalashtirilgan.

Tadbirda ana shu loyihalarga mahalliy pudrat tashkilotlarini jalb qilish masalalari muhokama etildi. Tadbirkorlarga amaldagi qonunchilik, tomonlarning manfaatlari va majburiyatlari haqida ma’lumotlar berildi.[:]