O‘ZBEKISTONDA SHAMOL ELEKTR ENERGIYASI LOYIHALARINI DAVLAT-XUSUSIY SHERIKLIK ASOSIDA AMALGA OSHIRISHDA MASLAHAT XIZMATINI KO‘RSATISH UCHUN XALQARO MOLIYA KORPORATSIYASI TANLANDI

23 Aprel, 2022 yil Vashington, AQSh

O‘zbekiston Respublikasida 500 megavatt shamol elektr stansiyalarini qurish maqsadida, Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) bilan maslahat xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Mazkur kelishuv mamlakatning yashil energiyaga o‘tishi va elektr energiyasiga bo‘lgan talabni qondirishga yordam beradi.

Bu kelishuvga asosan XMK O‘zbekiston bo‘ylab 500 megavatt quvvatga ega shamol elektr stansiyalarini qurish va ulardan foydalanish uchun xususiy sektor tajribasi va kapitalini safarbar qilish maqsadida, davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihasini shakllantirishda maslahat xizmatini ko‘rsatadi.

Loyiha O‘zbekistonning 2026 yilga qadar elektr energiyasini ishlab chiqarishda qayta tiklanadigan manbalar ulushini 25 foizgacha oshirish maqsadiga erishish uchun xizmat qiladi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi shamol energiyasini rivojlantirish bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) bilan ham hamkorlik qilib kelmoqda. YeTTB bilan 2019 yil imzolangan 1000 MVt shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha maslahat ko‘magi doirasida 2021 yil 17 dekabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumanidan 100 MVt shamol elektr stansiyasi DXSh tamoyili asosida qurish bo‘yicha tender g‘olibi bo‘lgan Saudiya Arabistonining “Akva Pover” kompaniyasi bilan loyiha bitimlari imzolandi.

Shamol elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanadigan arzon manbalardan biri bo‘lib, bugungi kunda dunyo bo‘ylab 743 gigavattdan ortiq quvvatga ega stansiyalar mavjud.

O‘zbekiston 2026 yilgacha 5 gigavatt quvvatga ega quyosh va 3 gigavatt quvvatga ega shamol elektr energiyasini ishlab chiqarishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

XMKning Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo, Turkiya, Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha mintaqaviy vitse-prezidenti Xela Cheyxruxou shunday dedi: “Ishonchli va arzon, qayta tiklanadigan energiya O‘zbekiston kelajagi uchun juda muhim. Bu yaqinlashib kelayotgan iqlim o‘zgarishi tahdidiga qarshi turish bilan birga, iqtisodiy o‘sishning dvigateli bo‘lishi mumkin”.

XMK 2018 yildan buyon O‘zbekiston Hukumatiga energetika sohasiga xususiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha o‘z maslahatlarini berib kelmoqda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va sektorni xususiy investitsiyalar uchun ochish XMKning O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasidagi faoliyatining asosi hisoblanadi. Loyiha O‘zbekiston hukumati tomonidan XMK bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan energetika sohasidagi bir qancha raqobatbardosh tenderlardan biridir.

Ma’lumot uchun, XMK Navoiy viloyatida 30 000 dan ortiq uy-joyni quvvatlantirish uchun yetarli miqdorda elektr energiyasini ishlab chiqaradigan 100 megavattli xususiy quyosh elektr stansiyasini tender o‘tkazish va moliyalashtirishda yordam berdi.

Shuningdek, XMK ko‘magida yana 3 ta DXSh loyihalari bo‘yicha tender savdolari davom etmoqda. Bular:

Buxoro viloyati Olot tumanida 250 megavatt quvvatga ega quyosh foto elektr stansiyasini qurish loyihasi (loyihaning dastlabki qiymati – 213 mln AQSh dollari; loyiha muddati – 25 yil);

Xorazm viloyati Xozarasp tumanida 100 megavatt quvvatga ega quyosh foto elektr stansiyasini qurish loyihasi (loyihaning dastlabki qiymati – 61 mln AQSh dollari; loyiha muddati – 25 yil);

Namangan viloyati Pop tumanida 150 megavatt quvvatga ega quyosh foto elektr stansiyasini qurish loyihasi (loyihaning dastlabki qiymati – 92 mln AQSh dollari; loyiha muddati – 25 yil) hisoblanadi.

Bundan tashqari, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va boshqa hamkorlar ko‘magida O‘zbekiston Respublikasida 2022-2026 yillar davomida energetika sohasida qo‘shimcha ravishda kamida 1500 megavatt quvvatga ega shamol va 750 megavatt quvvatga ega quyosh elektr stansiyalarini DXSh asosida qurish bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda.

You may also like...

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Matn o'lchami