O‘zbekistonda dxsh loyihasi doirasida birinchi dializ markazi ochildi

2022 yil 18 aprel kuni Nukus shahrida birinchi dializ xizmati ko‘rsatish markazi foydalanishga topshirildi. Ushbu markaz 2022 yil oxirigacha ochilishi rejalashtirilgan to‘rtta dxsh loyihasi doirasidagi markazlardan biri hisoblanadi.

2021 yil yanvar oyida O‘zbekiston hukumati yuqori sifatli dializ xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha xususiy sherik tanlash bo‘yicha xalqaro tender g‘olibi sifatida Hindistonning “Nephroplus” kompaniyasini tanladi.

Nephroplus kompaniyasi Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida umumiy to‘rtta dializ klinikasini moliyalashtirish, qurish, jihozlash, xodimlarni o‘qitish va boshqarish hamda 1100 nafar bemorga dializ xizmatlarini ko‘rsatish loyihasi  bo‘yicha tenderda g‘olib chiqdi. Dxsh shartnomasiga muvofiq, kompaniya dializ xizmatlarini tashkil etish va ko’rsatish bilan bog’liq barcha xarajatlarni o’z zimmasiga oladi.

Loyiha qiymati 9,85 mln AQSh dollari boʼlib, Hindiston kompaniyasi markazlarni zarur zamonaviy tibbiy jihozlar hamda malakali mutaxassislar bilan taʼminlaydi.

Shartnomaga koʼra, “Nephroplus” kompaniyasi 10 yildan soʼng gemodializ markazlarini (tibbiy uskuna) Sogʼlikni saqlash vazirligiga topshiradi.

2022 yilning may oyida Xorazm viloyatining Bog‘ot tumani va Urganch shahrida ham yangi dializ klinikalarining ish boshlashi kutilmoqda. Yil so‘ngida esa Toshkentda ham yana bir markaz ochilishi rejalashtirilgan.

Nephroplus Osiyodagi eng yirik dializ xizmatlarini ko‘rsatuvchilardan biri hisoblanadi. Kompaniya 240 dan ortiq klinikaga ega va Hindiston, Indoneziya, Filippin, Nepal va Vetnamda 17 000 dan ortiq bemorlarga xizmat ko’rsatadi.

Dializ loyihasi O‘zbekistonda “DXSh to‘g‘risida”gi qonun asosida amalga oshirilayotgan sog‘liqni saqlash sohasidagi birinchi xalqaro dxsh loyihasi bo‘lib, loyiha Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) maslahat koʻmagida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshirildi.

You may also like...

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Matn o'lchami