Zamonaviy elektr stantsiyasi ishga tushirildi, yana birining qurilishi boshlandi

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning mamlakatimizga tashrifi doirasida yana bir muhim voqea – Toshkent viloyatida zamonaviy issiqlik elektr stantsiyasini ishga tushirish hamda Sirdaryo viloyatida shunday stantsiya qurilishini boshlash marosimi bo‘ldi. Ushbu loyihalar Turkiyaning «Cengiz Enerji» kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev marosimda nutq so‘zlar ekan, loyihalarning ahamiyatiga to‘xtaldi, ushbu majmualar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik samaralarining yorqin ifodasi ekanini ta’kidladi. Oxirgi bir yilning o‘zida turkiyalik kompaniyalar bilan birgalikda O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyoti uchun juda muhim bo‘lgan 5 ta yirik energetika loyihalari amalga oshilgani alohida qayd etildi. Xususan, ushbu stantsiyalarning umumiy quvvati bugungi loyihalar bilan qo‘shib hisoblaganda 1,4 ming megavattga etadi.

O‘zbekiston energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish natijasida 2026 yilgacha davlat-xususiy sheriklik asosida umumiy qiymati 12 milliard dollarlik 29 ta loyiha ishga tushirilishi ta’kidlandi. Ular qo‘shimcha 71 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini yaratadi, yiliga 12 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi.

Davlatimiz rahbari elektr stantsiyasini bunyod etishda qatnashgan muhandis va quruvchilarga minnatdorlik bildirdi. So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoev va Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an ramziy tugmani bosib, Qibray tumanidagi issiqlik elektr stantsiyasini ishga tushirdi va Xovos tumanidagi issiqlik elektr stantsiyasi qurilishini boshlab berdilar.

Qibraydagi IES quvvati 240 megavatt bo‘lib, yiliga 2 milliard kilovatt-soat energiya ishlab chiqaradi.

Xovos tumanidagi yangi issiqlik elektr stantsiyasi 220 megavatt quvvatga ega, unda yiliga 1 milliard 700 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

You may also like...

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Matn o'lchami