Prezident Surxondaryodagi yangi issiqlik elektr stantsiyasi qurilishiga start berdi

Prezident Shavkat Mirziyoev Toshkentda o‘tayotgan xalqaro investitsiya forumi doirasida Surxondaryo viloyati Angor tumanida yangi issiqlik elektr stantsiyasi qurilishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi.

Loyiha Germaniyaning “Siemens Energy”, Frantsiyaning “EDF”, Niderlandiyaning “Stone City Energy” kompaniyalari tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Davlatimiz rahbari bunga alohida e’tibor qaratib, sohada xususiy kapital ishtirokiga keng imkoniyatlar ochilayotganini ta’kidladi.

Biz oxirgi yillarda energetika sohasida katta islohotlarni amalga oshirib, sohani to‘liq transformatsiya qilmoqdamiz. Jumladan, elektr ishlab chiqarishga ilk bor xususiy sektor ishtiroki uchun keng imkoniyatlar ochildi. So‘nggi uch yilda umumiy quvvati 1 ming Megavattdan ziyod bo‘lgan 5 ta elektr stantsiyasi davlat-xususiy sheriklik asosida ishga tushirildi. Jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 1 milliard dollardan oshdi, – dedi Shavkat Mirziyoev. Hozirgi kunda mamlakatimizda quvvati 9 ming Megavatt bo‘lgan yana 19 ta elektr stantsiyasi barpo etilmoqda. Ularning umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod. Prezidentimiz tadbirda ishtirok etgan xalqaro moliyaviy institutlar va kompaniyalar rahbarlariga minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda xorijiy investitsiya ishtirokidagi loyihalar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini yana bir bor ta’kidladi.

Shundan so‘ng, davlatimiz rahbari investorlar bilan birga ramziy tugmani bosib, issiqlik elektr stantsiyasi qurilishini boshlab berdi.

Ushbu loyihaning umumiy qiymati 1 milliard 200 million dollar bo‘lib, uning natijasida 1 ming 560 megavatt quvvat yaratiladi, yiliga 12 milliard kilovat-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Loyiha doirasida eng zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilib, yiliga 1 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi.

Majmua Surxondaryodagi birinchi, oxirgi yillarda yurtimizda barpo etiladigan eng yirik issiqlik elektr stantsiyasi bo‘ladi. Shuningdek, bu stantsiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasi Surxondaryodagi 500 ming xonadonni ham nurga to‘ldiradi. Bundan tashqari, qo‘shni Afg‘onistonga yiliga kamida 3 milliard kilovatt-soat elektr energiyasini eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Mazkur stantsiyani 2024 yil oxirida ishga tushirish rejalashtirilgan.

You may also like...

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Matn o'lchami