Suv xo‘jaligi sohasidagi davlat-xususiy sheriklik loyihalari to‘g‘risida ma’lumot

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan respublikaning mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019-2021 yillarda umumiy qiymati 2,9 mlrd.dollar bo‘lgan jami 265 ta davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihalari bo‘yicha ishlar olib borildi. Shulardan suv xo‘jaligi sohasidagi loyihalar soni 105 tani tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020—2030 yillarga mo‘ljallangan kontseptsiyasi to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan, suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida 2020-yilda 5 ta, 2025-yilgacha 25 ta va 2030-yilgacha 50 ta loyihalarni amalga oshirish vazifalari belgilab berilgan.

Shu bilan birga, suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik loyihalarining amalga oshirilishini jadallashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 apreldagi “Suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv xo‘jaligi obektlaridan foydalanishda davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, 2021 yilda istisno tariqasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish orqali suv xo‘jaligi ob’ektlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish bo‘yicha 100 ta loyiha ro‘yxati shakllantirildi va bunda 180 dan ortiq suv xo‘jaligi ob’ektlarini xususiy sheriklar boshqaruviga berish rejalashtirildi.

Berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, Davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan 2020-yilda 8 ta va 2021 yilda 97 ta, jami 105 ta loyiha bo‘yicha xususiy sheriklar bilan DXSh bitimi imzoladi va Agentlikda o‘rnatilgan tartibda DXSh loyihalari reestriga kiritildi. Mazkur 105 ta loyihaning umumiy qiymati 1 trln 233,7 mlrd.so‘mni tashkil etdi.  Ushbu barcha loyihalar O‘zbekiston Respublikasining Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonuni asosida tartibga solinadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonning 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Davlat dasturining 147-bandida Suv xo‘jaligi ob’ektlarini davlat-xususiy sheriklik shartlarida nasos stantsiyalari hamda irrigatsiya-melioratsiya ob’ektlarini xususiy sheriklar boshqaruviga berish bo‘yicha  52 ta loyihani amalga oshirish belgilangan bo‘lib, bugungi kunda ushbu loyihalar bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Xususan, 10 ta loyihaning dastlabki loyiha hujjatlari ishlab chiqilgan, 20 ta loyihaning kontseptsiyasi tasdiqlagan hamda qolgan loyihalar bo‘yicha dastlabki loyihaoldi hujjatlari ishlab chiqilmoqda.

Ta’kidlash kerakki, DXSh loyihalari bu avvalo uzoq muddatli shartnoma, bitimlardir. Bu kelishuvning o‘ziga xos jihatlari shundan iboratki, loyihaning xatari, moliyaviy manbalar ham xususiy sektor zimmasida bo‘ladi. Mazkur loyihalar avvalo suv resurslaridan oqilona foydalanish, sohaga zamonaviy texnika va texnologiyalarni jalb qilish, byudjet yukini engillatirish, erlarni meliorativ holatini yaxshilash, ilg‘or boshqaruv usulini joriy qilish, suv xo‘jaligi ob’ektlaridan foydalanish darajasini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.

You may also like...

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan