O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida» 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-son Farmoni hamda ushbu Farmon bilan tasdiqlangan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosi yuzasidan 2022 yil 1 mart holatiga ko‘ra HISOBOT

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” gi PF-60-son Farmoni 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Davlat dasturining 105-bandiga muvofiq, davlat-xususiy sheriklik asosida energetika, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ekologiya, kommunal xizmatlar, suv xo‘jaligi va boshqa sohalarga qiymati qariyb 14 mlrd.dollardan iborat bo‘lgan 154 ta davlat-xususiy sheriklik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Mazkur davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihalarini sohalar kesimida tahlil qilinganda quyidagilar ma’lum bo‘ldi. Jumladan:

Energetika sohasi:

2022-2026 yillar davomida energetika sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 9 ta loyiha bo‘yicha hujjatlar tayyorlash va o‘rganish ishlari davom etmoqda. Bular:

  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 200 MVt Shamol elektr stansiyasini qurish (EBRD Wind II);
  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 700 Mvt Shamol elektr stansiyasini qurish (EBRD Wind III);
  • Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Farg‘ona viloyatida 100 MVt Quyosh fotoelektr stansiyasini qurish (ADB Solar 3);
  • Toshkent shahridagi 4 ta issiqlik elektr stansiyalarni modernizatsiya qilish va kogeneratsion texnologiyalarni joriy etish
    (1-bosqich, Stone City tashabbusi bilan);
  • Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida 150 MVt Quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish (ADB Solar 4);
  • Hududlarda “Toyota Tsusho” Corp. bilan hamkorlikda 500 MVt shamol elektr stansiyasini qurish (240-720 saqlash batareyalari bilan);
  • Jizzax viloyati gaz ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish va boshqarish («AKSA Dogal Gas» Turkiya kompaniyasi tomonida qiziqish bildirilmoqda);
  • Toshkent shahar gaz ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish va boshqaruvga topshirish;
  • Toshkent shahar elektr energiyasi taqsimot tarmog‘ini boshqaruvga topshirish loyihalaridir.

Ta’lim sohasi:

2022-2026 yillar davomida ta’lim sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 6 ta yirik loyihalar bo‘yicha hujjatlar tayyorlash va o‘rganish ishlari olib borilmoqda, ushbu loyihalar bo‘yicha 2021 yilning 29-30 sentabr kunlari “Iqtisodiy islohotlar sarhisobi va istiqboli” mavzusida o‘tkazilgan O‘zbekiston iqtisodiy forumi davomida xalqaro xakorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qurish bo‘yicha Memorandumlar imzolandi. Jumladan:

Osiyo taraqqiyot bankining maslahat ko‘magi bilan qiymati taxminan 80 mln.AQSh dollariga teng bo‘lgan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida quvvati 28 512 o‘rinli 16 ta umumta’lim maktablarini DXSh asosida qurish loyihasi konsepsiyasi va texnik-iqtisodiy asoslash hujjati ishlab chiqilmoqda;

Xalqaro moliya korporatsiyasining maslahat ko‘magi yordamida qiymati tahminan 50 mln.AQSh dollariga teng bo‘lgan Respublikada DXSh asosida 15 ta umumta’lim maktablarini barpo etish loyihasi uchun hududlarni tanlash maqsadida ularni baholash ishlari davom etmoqda;

Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining maslahat ko‘magi yordamida qiymati tahminan 50 mln.AQSh dollariga teng bo‘lgan Respublikada DXSh asosida 15 tagacha umumta’lim maktablarini barpo etish loyihasi bo‘yicha maslahat ko‘magi bitimini tayyorlash ishlari olib borilmoqda;

“Delphos International” kompaniyasi ko‘magida hududlarda DXSh asosida 50 ta umumta’lim maktablarini tashkil etish loyihasi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda;

Osiyo taraqqiyot banki maslahat ko‘magi bilan qiymati tahminan 50 mln.AQSh dollariga teng bo‘lgan Respublikada DXSh asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini (bog‘chalar) qurish, rekonstruksiya qilish loyihasi bo‘yicha dastlabki ma’lumotlar to‘planmoqda;

DXSh asosida 100 ta oliy ta’lim muassasalari uchun talabalar turar joylarini tashkil etish loyihasi bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan maslahat xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha qiziqish bildirgan va hozirgi kunda muzokaralar olib borilmoqda.

Ekologiya sohasi:

2022-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarida qattiq maishiy chikindilarni to‘plash, olib chiqish, saralash va qayta ishlash klaster xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha jami
38,4 mln.dollar miqdordagi 32 ta loyihalarni davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, 2021 yilning 29-30 sentabr kunlari “Iqtisodiy islohotlar sarhisobi va istiqboli” mavzusida o‘tkazilgan O‘zbekiston iqtisodiy forumi davomida davlat-xususiy sheriklik asosida umumiy qiymati 300 mln.dollar bo‘lgan Toshkent shahar va Toshkent viloyatida maishiy chiqindilarni to‘plash, olib chiqish, saralash va qayta ishlash klaster xizmatlarini tashkil etish loyihasini Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida amalga oshirish uchun Memorandum imzolandi. Bugungi kunda loyiha hujjatlarini tayyorlash ishlari davom etmoqda.

Kommunal xizmatlar sohasi:

2022-2026 yillar davomida kommunal xizmatlar ko‘rsatish sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 2 ta loyihalar bo‘yicha hujjatlar tayyorlash va o‘rganish ishlari davom etmoqda:

  • Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida Toshkent shahar oqova tozalash inshootini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish;
  • Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida Jizzax va Buxoro viloyatlarida issiqlik ta’minoti tiziminim davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida modernizatsiya qilish.

Transport sohasi:

Transport sohasida 2022-2026 yillar davomida transport sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 4 ta loyihalar bo‘yicha hujjatlar tayyorlash va o‘rganish ishlari davom etmoqda:

  • Jahon banki maslahat ko‘magida amalga oshirilayotgan Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasi bo‘yicha Yakuniy Texnik iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish uchun konsalting kompaniyani jalb qilish ishlari davom etmoqda;
  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki maslahat ko‘magida amalga oshirilayotgan Toshkent-Samarqand pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasi bo‘yicha Yakuniy Texnik iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish uchun konsalting kompaniyani jalb qilish ishlari davom etmoqda;
  • Samarqand va Shahrisabz shaharlari orasida 66 kmlik avtomobil yo‘li va Tahtaqoracha dovonida 4,4 kmlik tunnel qurish loyihasi uchun Islom taraqqiyot bankini jalb qilish ishlari davom etmoqda;
  • Toshkent shahar va hududiy xalqaro aeroportlarni modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish loyihalari bo‘yicha Jahon banki tomonidan o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Sog‘liqni saqlash sohasi:

2022-2026 yillar davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan
3 ta yirik loyihalar bo‘yicha tegishli hujjatlar tayyorlash va o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Jumladan:

Xalqaro moliya korporatsiyasining maslahat ko‘magida Farg‘ona, Toshkent, Samarqand va Xorazm viloyatlarida Nurli (Radio) terapiya tibbiyot markazini tashkil etish loyihasining konsepsiyasi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi va hozirda tender hujjatlari tayyorlanmoqda;

Xalqaro moliya korporatsiyasining maslahat ko‘magida Farg‘ona viloyatida ko‘p tarmokli shifoxona tashkil etish loyihasi bo‘yicha Jahon bankining “Institutsional salohiyatni oshirish” kredit liniyasi hisobidan yuridik maslahatchilar jalb qilinmoqda;

Osiyo taraqqiyot bankining maslahat ko‘magida Andijon va Buxoro viloyatlarida poliklinika va tibbiyot markazlarini tashkil etish loyihalari bo‘yicha dastlabki o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Suv xo‘jaligi sohasi:

2022-2026 yillar davomida suv xo‘jaligi sohasida Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi nasos stansiyalarini muqobil energiyasi bilan ishlatish loyixasini Germaniyaning «Mikara» kompaniyasi bilan amalga oshirish va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi nasos stansiyalarini muqobil energiyasi bilan ishlatish loyixasini BAA ning «Alcazar» kompaniyasi bilan amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro muzokaralar olib borilmoqda.

Shuningdek, Davlat dasturining 216-bandiga muvofiq, 2022 yilda 18800 o‘rinli 47 ta talabalar turar joylarini davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etish belgilangan bo‘lib, mazkur loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tegishli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 563-sonli qaroriga asosan 2022-2025 yillarda oliy ta’lim muassasalarining talabalari uchun DXSh asosida 228 ta 91 200 o‘rinli talabalar turar joylarini barpo etish belgilangan.

Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalari uchun DXSh asosida talabalar turar joylarini barpo etish bo‘yicha mahalliy investorlar tomonidan tashabbuslar bildirilmoqda.

Joriy yilning 1 mart holatiga 11 ta umumiy quvvati 4750 o‘rinli loyihalar ustida ishlar olib borildi, shundan 5 ta 2050 o‘rinli loyihalarning tenderi e’lon qilindi, 5 ta 2300 o‘rinli loyihalarning konsepsiyalari Agentlik tomonidan belgilangan tartibda kelishib berildi, 1 ta 400 o‘rinli loyiha ustida ishlanmoqda. Jumladan,

1) Samarqand Davlat unversitetiga 350 o‘rinli talabalar turar joyini qurish bo‘yicha DXSh bitimi imzolanish bosqichida;

2) I.Karimov nomidagi Toshkent texnika unversitetining Olmaliq filiali uchun 500 o‘rinli talabalar turar joyini barpo etish loyihasining konsepsiyasi tasdiqlanib, tender e’loni qo‘yildi;

3) Muxammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalar universiteti Samarqand filialiga 400 o‘rinli  talabalar turar joyini qurish loyihasining konsepsiyasi tasdiqlanib, tender e’loni qo‘yildi;

4) Samarqand davlat chet tillari institutiga 500 o‘rinli talabalar turar joyini qurish loyihasining konsepsiyasi tasdiqlanib, tender e’loni qo‘yildi;

5) Buxoro davlat tibbiyot institutiga 300 o‘rinli talabalar turar joyini qurish loyihasining konsepsiyasi tasdiqlanib, tender e’loni qo‘yildi;

6) Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnikalar instituti uchun 600 o‘rinli talabalar turar joyini rekonstruksiya qilish loyihasining konsepsiyasi Agentlik tomonidan kelishib berildi va bugungi kunda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tasdiqlanish bosqichida;

7) Andijon davlat universiteti uchun 400 o‘rinli talabalar turar joyini qurish loyihasining konsepsiyasi Agentlik tomonidan kelishib berildi va bugungi kunda universitet tomonidan tasdiqlanish bosqichida;

8) Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti uchun 400 o‘rinli talabalar turar joyini qurish loyihasining konsepsiyasi Agentlik tomonidan kelishib berildi va bugungi kunda institut tomonidan tasdiqlanish bosqichida;

9) Samarqand veterinariya meditsinasi instituti uchun 500 o‘rinli talabalar turar joyini qurish loyihasining konsepsiyasi Agentlik tomonidan kelishib berildi va bugungi kunda institut tomonidan tasdiqlanish bosqichida;

10) Andijon mashinasozlik instituti uchun 400 o‘rinli talabalar turar joyini barpo etish loyihasining konsepsiyasi Agentlik tomonidan kelishib berildi va bugungi kunda institut tomonidan tasdiqlanish bosqichida;

11) Andijon davlat tibbiyot instituti uchun 400 o‘rinli talabalar turar joyini barpo etish loyihasi amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

You may also like...

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Matn o'lchami