Qoraqalpog‘istonda 100 MVt quvvatga ega 25 dan ortiq ilg‘or shamol turbinalari o‘rnatiladi

2021 yil 17 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi binosida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak va Beruniy tumanlarida davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stantsiyasini qurish loyihasi bo‘yicha tender g‘olibi deb topilgan Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan qator bitimlar imzolandi.

2019 yilda O‘zbekiston hukumati hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida umumiy quvvati 1000 MVt gacha bo‘lgan shamol energiya quvvatlarini qurish bo‘yicha yirik loyihalarni ishlab chiqishda hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolangan edi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshiriladigan ushbu loyiha hamkorlik doirasidagi birinchi bosqich hisoblanadi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki konsultantlari ko‘magida Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Energetika vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda boshqa tegishli vazirlik va idoralar tomonidan mazkur loyiha ustida ishlar olib borildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stantsiyasini qurish loyihasi qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik tamoyili orqali tender asosida amalga oshirilgan birinchi shamol stantsiyasi loyihasi bo‘ladi.

Joriy yilning 30 sentyabr kuni mazkur loyiha bo‘yicha idoralararo tender komissiyasi tomonidan “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi eng past tarif narxini taklif etib xalqaro tender g‘olibi deb topildi.

Loyiha qiymati 108 million AQSh dollarini va muddati 25 yilni tashkil etadi. Mazkur loyiha doirasida:

– 110 mingdan ortiq xonadonlar uzliksiz elektr energiya bilan ta’minlanadi;

– Yiliga 400 million kvt/s elektr energiya ishlab chiqariladi;

– 25 dan ortiq ilg‘or shamol turbinalari o‘rnatiladi;

– Qurilish davrida 1000 ga yaqin yangi ish o‘rinlar va ekspluatatsiya davrida 50 ta doimiy ish o‘rinlari yaratiladi;

– Tabiiy gazni noratsional ishlatish (yoqish) darajasi pasaytiriladi va ekologik jihatdan toza energiya ishlab chiqarishga erishiladi;

– Atmosferaga zararli bo‘lgan karbonat angidrid (uglekislыy gaz) gazlarining chiqishi keskin kamayadi (yiliga 160 ming tonnagacha).

You may also like...

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Matn o'lchami