[:uz]2021 yilning 6 sentabr kuni soat 18:00da Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan shamol elektr stantsiyasi qurilishi yuzasidan tender o‘tkazish uchun salohiyatli investorlarning takliflari bo‘yicha so‘rov yakunlandi. Davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosidagi ushbu loyihaning tender jarayonlari bir nechta bosqichlarda bo‘lib o‘tdi. Joriy yilning 22 may kuni dastlabki tanlov ishtirokchilariga takliflar bo‘yicha so‘rov yuborilgan edi. Shunga ko‘ra,

1) Abu Dhabi Future Energy Company PJSC (MASDAR),

2) International Company for Water and Power Projects (ACWA Power),

3) Voltalia kompaniyalari o‘z qiziqishlarini bildirdi.

Ayni paytda qabul qilingan takliflar ko‘rib chiqilmoqda. Xususan, tender komissiyasi Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va Moliya vazirligi vakillarini o‘z ichiga olgan.

Ko‘rib chiqish davomida potentsial investorlarning tijorat, shuningdek huquqiy va texnik ma’lumotlari baholanadi.

Ushbu bosqich yakunida Tender komissiyasi dastlabki tanlovdan o‘tgan tender ishtirokchilarini aniqlaydi, ular loyiha bo‘yicha o‘z moliyaviy takliflarini taqdim etadi.

Tender jarayonlari Evropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB)ning texnik ko‘magida amalga oshirildi.[:]