[:uz]2021 yil 26 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida “Toshkent shahri issiqlik tizimini modernizasiya qilish va boshqaruvga berish” davlat-xususiy sheriklik loyihasi bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda loyiha doirasida xususiy tashabbuskor “VEOLIA” (Fransiya) kompaniyasi vakillari hamda konsul’tantlari, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari B.Rahmonov, Moliya vaziri o‘rinbosari O. Isakov, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori v.b. Z. Bozorov, Osiyo Taraqqiyot Banki, “ToshIssiqQuvvati”, “O‘zTransGaz” AJ, “ToshIEM” AJ vakillari ishtirok etdi.


Uchrashuvda “VEOLIA” kompaniyasi tomonidan tashabbus qilingan “Toshkent shahri issiqlik tizimini modernizasiya qilish va boshqaruvga berish” davlat-xususiy sheriklik loyihasi bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzolash ishlarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, muzokaralar davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning asosiy shartlariga, tomonlarning loyiha doirasidagi huquq va majburiyatlariga, kelayotgan va kelgusi kuz-qish mavsumida aholini uzliksiz va sifatli issiqlik bilan ta’minlashga bog‘liq mavzularni qamrab oldi.
Shuni ta’kidlash joizki, mazkur loyiha doirasida Toshkent shahri issiqlik tizimi tubdan modernizasiya qilinadi va yangilanadi, ilg‘or xorijiy tajriba va yuqori texnologiyali uskunalar o‘rnatiladi hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati oshadi. Loyiha muddati: 30 yil. Loyiha qiymati: 1 mlrd. 363 mln. yevro.[:]