“DXSh portfellarining uzoq muddatli barqarorligini qo‘llab-quvvatlash: DXShlarda fiskal xatarlarni baholash va boshqarish” nomli muhim bir kunlik seminar bo‘lib o‘tdi, unda davlat-xususiy sheriklik (DXSh)ga oid muhim masalalar ko‘rib chiqildi. Seminarga DXSh loyihalarini aniqlash, tayyorlash va nazorat qilish uchun mas’ul bo‘lgan turli davlat idoralarining vakillari jalb etildi.
DXSh mutaxassisi Yelena Timusheva boshchiligidagi Jahon banki jamoasi tomonidan o‘tkazilgan seminar chuqur muhokamalar uchun platforma sifatida xizmat qildi. DXSh eksperti Rakesh Bangera hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Fiskal xatarlar boshqarmasi boshlig‘i Jaxongir Norjigitovning seminarning birinchi yarmidagi taqdimotlari DXSh loyihalarida barqarorlik va fiskal xatarlarni boshqarish bo‘yicha muloqotni shakllantirishda muhim rol o‘ynadi.
Tadbirda, vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 23-oktabrdagi 558-sonli “Davlat-xususiy sheriklik loyihalaridan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan davlatning fiskal majburiyatlarini boshqarish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori mazmun-mohiyati yuzasidan xabardorligi oshirildi, yangi tartibga muvofiq DXSh loyihalaridagi fiskal xatarlarni aniqlash va baholash, shartnomalarda davlatning fiskal majburiyatlarini aks ettirish bo‘yich salohiyati mustahkamlandi.
Ishtirokchilar, shuningdek, DXSh doirasidagi bevosita va shartli majburiyatlarga oid mavzularni muhokama qildi. Olingan ma’lumotlarni birlashtirish va seminar ishtirokchilarining tushunchalarini yaxshilash uchun interaktiv amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi.
Seminar DXSh tashabbuslari bilan shug‘ullanadigan manfaatdor tomonlar o‘rtasida hamkorlik muhitini yaratib, bilim almashish va salohiyatni oshirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi. Fiskal xatarlarni boshqarishning muhim jihatlarini ko‘rib chiqish orqali DXSh portfellarining uzoq muddatli barqarorligi va muvaffaqiyatini ta’minlash uchun mustahkam poydevor yaratildi.



