Joriy yilning 16-mart kuni Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Raximova Tojikiston Respublikasi Energetika va suv resurslari vazirining o‘rinbosari Manuchehr Safarzoda boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Tojikiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya qo‘mitasi vakili Aziz G‘iyozoda, Davlat energiya nazorati xizmati boshlig‘i G‘olib Ubaydullozoda, Tojikiston Respublikasi Prezidenti ofisining Strategik islohotlarni boshqarish sektori rahbari Husrav G‘aniyev, Jahon banki guruhining Energetika bo‘yicha katta mutaxassislari Irina Voitehovitch va Manuel Sanchez hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.

Muloqot davomida tomonlar mamlakatimizda davlat xususiy-sherikligi sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar, xususan, maktab va bog‘chalar, sog‘liqni saqlash binolari, energetika inshootlarini qurish sohalaridagi loyihalar, ularning texnik parametrlari, loyihalarni hayotga tatbiqda etish bosqichlari, sohada raqobatbardoshlik va shaffoflikni oshirish yuzasidan fikr almashdi.

Suhbatda mehmonlar energiya samaradorligini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan quyosh elektr stansiyalarini tashkil etishdagi DXSh loyihalari, ularning normativ-huquqiy bazasini shakllantirish, moliyalashtirish yo‘nalishlari, loyihalarda konsalting xizmat ko‘rsatish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi bilan tanishdi.

Uchrashuv so‘ngida tomonlar davlat-xususiy sherikligi sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish hamda ushbu yo‘nalishda fikrlar almashinuv jarayonlarini kengaytirishga kelishib oldilar.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi