“Infratuzilma muammolarini hal etishda davlat-xususiy sheriklik loyihalarining roli” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 23-dekabr kuni Moliya vazirligida “Infratuzilma muammolarini hal etishda davlat-xususiy sheriklik loyihalarining roli” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori, DXSH loyihalarida ishtirok etuvchi mas’ullar, iqtisodchilar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tomonidan respublikaning mas’ul vazirlik va idoralari bilan birgalikda 2019–2022-yillar davomida umumiy qiymati 12,4 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan jami 437 ta davlat-xususiy sheriklik (DXSH) loyihalari bo‘yicha ishlar olib borildi.
Jumladan, energetika sohasida 26 ta, kommunal xizmatlar sohasida 3 ta, sog‘liqni saqlash sohasida 48 ta, suv xo‘jaligi sohasida 157 ta, ekologiya sohasida 71 ta, ta’lim sohasida 80 ta, hunarmandchilik sanoati sohasida 13 ta, madaniyat sohasida 31 ta, transport, soliq hamda bandlik va mehnat munosabatlari sohalarida 2 tadan, veterinariya, chorvachilikni rivojlantirish va huquqni muhofaza qilish sohalarida 1 tadan loyihalar DXSH Qonuni asosida amalga oshirilmoqda. Shundan:
- DXSH to‘g‘risidagi bitim imzolangan loyihalar soni – 371 ta;
- DXSH to‘g‘risidagi bitim imzolanish arafasida bo‘lgan loyihalar soni – 51ta;
- Tender bosqichida bo‘lgan loyihalar soni – 15 tani tashkil etadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF–60-son “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturining 105-bandiga muvofiq, davlat-xususiy sheriklik asosida energetika, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ekologiya, kommunal xizmatlar, suv xo‘jaligi va boshqa sohalarga qiymati qariyb 14 mlrd dollardan iborat bo‘lgan 154 ta davlat-xususiy sheriklik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Jumladan, energetika sohasida 11 ta, transport sohasida 5 ta, kommunal xizmatlar sohasida 3 ta, sog‘liqni saqlash sohasida 3 ta, ta’lim sohasida 6 ta, ekologiya sohasida 33 ta, suv xo‘jaligi sohasida 33 ta va boshqa ijtimoiy sohalarda 60 ta.
Matbuot anjumani davomida mas’ullar tomonidan ushbu loyihalarning infratuzilma muammolarini hal etishdagi roli, ahamiyati, mamlakat iqtisodiyotiga ta’siri yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Yangi sharhlar