“ACWA Power” kompaniyasi boshqaruv raisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Moliya vazirligida “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruv raisi Muhammad Abdulla Abunayan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Hasan Hasanov, DXSh siyosat bo‘yicha maslahatchisi Sayyid Afsor Uddin va energetika sohasini o‘zgartirish bo‘limi boshlig‘i Bahodir Jo‘raev ishtirok etdi.
“ACWA Power” tarkibidan kompaniya direktorlar kengashi raisi Muhammad Abdulloh Abunayan, Afrika va MDH mamlakatlarining biznesni rivojlantirish bo‘yicha ijrochi vitse-prezidenti Rohit Goxale, mintaqaviy direktor Abid Husayn Malik, biznesni rivojlantirish bo‘yicha katta menejer Sherzod Onarkulov, biznesni rivojlantirish bo‘yicha menejer Akbar Mavlonov va biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktorlar Hammad Masud va J.P. Tivari joy oldi.
Muloqotda Muhammad Abdulloh Abunayan O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni yuqori baholadi va kompaniya mamlakatimizda vodorod energetikasini rivojlantirish uchun investitsiyalarini jalb etish, shamol elektr stansiyalari qurilishida qatnashayotgan xorijiy ekspertlar ishtirokida yuqori malakali milliy kadrlar tayyorlash muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuvda issiqlik elektr stansiyalari hamda qayta tiklanadigan energiya manbalarini yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan ham fikr almashildi. Muhammad Abdulloh Abunayyan uzoq muddatli va keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida loyihalarni amalga oshirish uchun 5 yillik reja belgilangan. Loyihalardan biri 2024 yilga qadar “yashil vodorod” ishlab chiqarishni rivojlantirish hisoblanadi.
Yangi sharhlar