RASMIY BAYONOT

Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda–Agentlik) shu ma’lum qiladiki, 2022 yilning avgust oyida Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida yashovchi G.Dadajonova ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini DXSh asosida qurish loyihasini (keyingi o‘rinlarda – Loyiha) amalga oshirish yuzasidan 8,4 mlrd so‘m subsidiya ajratishni so‘rab Agentlikka murojaat qiladi. “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa qonunosti hujjatlarida DXSh loyihalari yuzasidan kredit, subsidiya va preferensiyalar ajratish nazarda tutilgan. Xususan mazkur Qonunning 38-moddasida O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetiga bevosita yoki bilvosita ta’sir etadigan qo‘shimcha kafolatlarning va (yoki) qo‘llab-quvvatlashning har qanday turlari davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasi tasdiqlanguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishib olinishi kerakligi belgilangan. Biroq Loyihani tashabbus qilish hamda davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzolashda tashabbuskor (xususiy sherik) davlat tomonidan har qanday turdagi qo‘shimcha kafolatlar va (yoki) qo‘llab-quvvatlashga ehtiyoji borligini bildirmagan.

Muhimi shundaki, davlat-xususiy sheriklik loyihalarining birinchi maqsadi iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda budjet yukini kamaytirish hamda davlat sherigi va xususiy sherikning muayyan muddatga yuridik jihatdan rasmiylashtirilgan, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun o‘z resurslarini birlashtirishiga asoslangan hamkorlikdir.

Bugungi kunda fuqaro G.Dadajonovaga qonun hujjatlarida belgilangan ushbu tartib-taomillar ko‘p bora tushuntirilishiga qaramay, subsidiya ajratishni talab qilib, ko‘plab tashkilotlarga murojaat qilishni, shuningdek ijtimoiy tarmoqlar orqali Agentlik va uning rahbariyatini obro‘sizlantirish maqsadida noto‘g‘ri ma’lumotlar, turli tuhmat va bo‘xtonlar tarqatib kelmoqda. Eng achinarlisi, mutassaddi rahbarlarning orqasidan bir necha bor qonun hujjatlariga zid ravishda kuzatuvlarni amalga oshirgan. Fuqaro G.Dadajonovaning bu hatti-harakatlari Agentlik faoliyati va obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani uchun fuqaroga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishini so‘rab huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilindi.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 27-moddasiga muvofiq har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega. Fuqaro va tashkilotlarning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini kamsitiladigan ma’lumotlar tarqatilgan taqdirda, ularni belgilangan tartibda himoya qilish nazarda tutilgan.

Agentlik OAV va blogerlardan bu borada noxolis ma’lumot tarqatishdan tiyilishga chaqiradi. Tashkilotimiz hamisha ochiq va shaffof muloqotga tayyor ekanligini bildiradi.

Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi

You may also like...

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan